Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari Baxmaldagi urush qatnashchilari xolidan xabar oldi (foto)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar Baxmal tumanidagi urush qatnashchilarini xolidan xabar oldi.

Baxmal tumanida 4 nafar urush faxriysi istiqomat qiladi. Qishloqlar bir-biridan uzoq masofada va tog’ oldi hududida joylashganiga qaramasdan harbiylar urush qatnashchilarini e’tibordan chetda qoldirmaydi.

– Bugungi dorilomon kunlar o’z-o’zidan qo’lga kiritilmagan. Bu kunlarga erishish uchun minglab ota-bobolarimiz qon kechgan. Urush faxriylari bilan suhbatda bunga yana bir bor amin bo’ldik, – deydi kapitan A’zamjon Boboyev. – Harbiy qism rahbariyati boshchiligida, shuningdek, mayor Muhammad Azimov, leytenantlar Nasibillo Mamatqulov, Shaxbozjon Ergashev va boshqalar tashabbusi bilan xizmat vaqtida xalok bo’lgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari hamda kam ta’minlangan oilalar xolidan ham xabar olib kelinmoqda.

Baxmal tumani, Dang’ara qishlog’ida keksalik gashtini surayotgan 96 yoshli urush qatnashchisi G’iyos bobo Bekamov Ikkinchi jahon urushidan keyin ham yana bir urushni ko’rgan kam sonli insonlardan. U 17 yoshida ya’ni 1943 yilda jangga otlangan. Temir yo’l orqali 17 sutka yo’l yurib, Moskvaga, u yerdan esa Berlin ostoniasiga yetib borishdi. Janglarda mardonavar kurashgan o’zbek o’g’lonlari 9 may kuni fashistlar ustidan qozonilgan g’alaba sharafiga ko’tarilgan bayroq qarshisida qaddini g’oz tutib turishdi. Shundan so’ng, sovet-yapon urushida ham qatnashdi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar oqtoshlik urush qatnashchisi Asror bobo Ahmedov (1925 yil tug’ilgan), Mug’al qishlog’ida 1923 yil tug’ilgan Ochil bobo Jo’raboyev, bu yil 100 yoshni qarshi olgan Tanga-topdi qishlog’ida istiqomat qilayotgan Mavlon bobo Umarov xonadonida bo’lishib, ularga uy jihozlari sovg’a qilishdi.

Urush faxriylari Markaziy harbiy okrug qo’mondonligi va harbiy xizmatchilarga minnatdorchilik bildirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring