Markaziy harbiy okrug boshqaruv apparati ofitserlari tuman mudofaa ishlari bo’limlarida nimalar bilan band bo’lmoqda?

Markaziy harbiy okrug boshqaruv apparati ofitserlari tomonidan Samarqand viloyatidagi mudofaa ishlar bo’limlarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi fuqarolarning ota-onalari bilan suhbat o’tkazilmoqda.

Tadbirda, bo’lajak askarlarning yaqinlariga milliy armiyamizdagi yangilanish va o’zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berilmoqda. Fuqarolarga xizmat davri, imtiyozli tavsiyanoma berilish tartibi hamda chaqiruv bilan bog’liq bo’lgan qonundagi o’zgarishlar tushutirilmoqda.

Bu yildan birinchi marta xizmatga ketayotgan chaqiriluvchilar o’z yaqinlari hamda hurmat-etiborga ega keksa avlod vakillari oldida Vatan oldidagi burchini sadoqatli bajarishga “Yigitlik so’zi”ni berishmoqda.

Bo’lajak askarlarga “Armiya – hayot maktabi” risolasi, Qasamyod paytida esa “Temur tuzuklari” hamda “O’zbekiston tarixi” kitoblari beriladi.

Eslatib o’tamiz, muddatli harbiy xizmatga fuqarolarni chaqirish (bir yillik xizmat) tuman mudofaa ishlari bo’limi tomonidan 2020 yil 20 martdan 10 aprel kuniga qadar amalga oshiriladi.

kapitan G’ayrat Madrahimov, Otabek Norboyev.

Foto: Samarqand tumani mudofaa ishlar bo’limi

 

Izoh qoldiring