Samarqand va Jizzax SChR askarlari xizmatga yangi chaqirilgan chegarachilar bilan bellashdi (foto)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Samarqand va Jizzax garnizonidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni askarlari dam olish kunini o’zgacha tarzda o’tkazishdi.

Dastlab, askarlar “Vatanparvar” ko’rsatuvini tomosha qilishdi. Shundan so’ng, muddatli harbiy xizmatga yangi chaqirilgan chegarachi askarlar bilan Safarbarlik chaqiruvi rezervi askarlari o’rtasida sportning arqon tortish, turnikka tortilish, shaxmat-shashka hamda stol tennisi turlari bo’yicha musobaqa o’tkazildi.

– Dam olish oldi va dam olish kuni tadbirlari askarlarga ruhiy quvvat berishi kerak, – deydi kapitan Sobit Qarshiyev. – Xafta davomida amaliy mashg’ulotlardan harbiy xizmatchi toliqadi. Ertangi kunga umidi so’nganday bo’ladi. Madaniy hordiq ishlari esa kayfiyatga kayfiyat qo’shadi. Bizda dam olish kuni mana shunday jamoaviy tarbiyaga yo’naltiriladi.

Kechki payt askarlar ota-onasi bilan uchrashgandan keyin Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatriga yo’l olishdi. “Yolg’iz bo’ri” kino taqdimoti barchaga manzur bo’ldi.

Kapitan G’ayrat Madrahimov, Otabek Norboyev.

 

Izoh qoldiring