Forishdagi tankchilar chempionati: “Armi-2020” Xalqaro musobaqasiga tayyorgarlik qay darajada ketyapti? (maqola)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Forish” tog’ poligonida tankchilar chempionati bo’lib o’tdi.
O’zbekiston armiyasi “Armi-2019” Xalqaro musobaqada 13 ta yo’nalish bo’yicha qatnashgan edi. “Tank biatloni” musobaqasi o’zbek tankchilari birinchi marta qatnashib, 1-o’rinni egallagan edi. Xo’sh, “Armi-2020” xalqaro chempionatiga 4 oy vaqt qoldi. Tankchilarimiz tayyorgarligi qay darajada. Bu galgi “Armi-2020” Xalqaro musobaqasining “Tank biatloni” yo’nalishi bo’yicha birinchilikni olishimiz anchagina mushkul. Sababi, ushbu musobaqada ikkinchi marotaba qatnashishga to’g’ri keladi. Xabaringiz bo’lsa, “Tank biatloni” ikki bosqichda o’tkaziladi. Ya’ni ilk marta qatnashayotgan davlat armiyalari tankchilari o’rtasida hamda ikkinchi va ko’p bora qatnashayotgan professionallar qatorida oliy o’ringa davogarlik qilamiz.

Maqsad va istak bir – professionallar o’rtasidagi musobaqada nafaqat ishtirok etish, balki birinchilikni qo’lga kiritish. Markaziy harbiy okrug qo’mondonligi bu mas’uliyatni anglab, eng yaxshi tankchilar ichidan yanada zo’rini tanlab oldi.

“Forish” tog’ poligonidagi tank biatloni maydoni dunyo standartlariga javob beradi. Bu yerda kuni kecha, okrugdagi tank ekipajlari o’rtasida chempionat o’tkazildi. Unda, yakka poyga mashqi ustunlar orasidagi va portlovchi mina to’siqli yo’lak, tankka qarshi chuqurlik, suvli to’siq, yo’lakli ko’prik maketi, eskarp ko’prigi, qiyalik, qo’rg’on kabi sinov ob’ektlaridan o’tishi hamda 600, 1000-1800 metrdagi bir nechta nishonlarni yakson qilish kabi mashqning 10 ta asosiy elementlarini bajarishdi.

Kichik serjantlar G’. Absamatov, O’. Sobirov hamda A. Hayrullayev boshqaruvidagi tank biror to’siqqa urilmasdan 26 daqiqa 38 soniyada bosib o’tib, 1-o’ringa munosib, deb topildi.
Leytenant J. Ro’ziyev, serjant J. Imomnazarov, ShAHX oddiy askar Sh. Do’stmurodov esa ustunlar orasidagi yo’lakdan boshqa barchasini musobaqa shartlarida ko’rsatilgandek 30 daqiqa-yu, 13 soniyada bajarib, ikkinchilikda keldi.
3-o’rinda esa 32 daqiqa 14 soniya bilan kichik serjant A. Nazirov, A. Akbarov hamda ShAHX oddiy askar N. Jumayev nazoratidagi tank olovli yo’llakdan boshqa barcha elementlarni to’liq bajarib, marra chizig’idan o’tdi.
Boshqa jamoalar ham faxrli o’rin uchun jiddiy kurash olib bordi.

Yana shuni ham qo’shimcha qilishni istardimki, saralashdan o’tgan okrug tankchilari Mudofaa vazirligi jamoasini asosiy qismini tashkil etib, har galgiday ishonchimizni oqlaydi.

Kapitan G’ayrat Madrahimov

Izoh qoldiring