Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari chekka qishloqdagi 100 yoshga kirgan urush faxriysi bilan yuzlashishdi (foto)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari Sazagan tumani Eyrig’ul qishlog’ida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahmon bobo Abilov xonadonida bo’lishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

100 yoshga kirgan otaxon Ikkinchi jahon urushida 137-sonli o’qchilar polkida minomyotchi lavozimida xizmat qilib, Leningrad shahrini fashistlar hurujidan 3 yil davomida mardonavor himoya qilgan. Bir jangda vzvod joylashgan ko’pqavatli uyga yondiruvchi snaryad kelib tushgan. Oddiy askar Rahmon Abilov safdoshlariga yordamga oshiqdi. Biroq, uning uchta qovurg’asi singan, oyoq-qo’li kuyib, qonga belangan edi. Uni gospitalga jo’natishdi. Urushga sog’ ketib, birinchi guruh nogironi bo’lib qaytadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

– Komandirim nimani o’rgatsa, qunt bilan qisqa vaqtda bilib olardim, – deya xotirlaydi urush qatnashchisi. – Urushdan keyin ham mehnatim bilan hurmat qozondim. Samarqanddagi texnikumga o’qidim. Qishloqdagi 9-umumta’lim maktabini 1980-yilda guvala bilan ko’tardim. Xashar yo’li bilan 4 ta xona qurdik. Bolalarni savodini chiqardim. Hozir mana shu maktabda 300 ga yaqin o’quvchi tahsil oladi. Shu sababli qishloqni katta-yu kichigi birdek hurmat qiladi. Niyatim shuki, dunyoda urush bo’lmasin.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Ikkinchi jahon urushiga Eyrig’ul qishlog’ida 40 yigit safarbar bo’ldi. Ulardan 8 nafari qaytib keldi. Hozirda urush qatnashchilaridan birgina Rahmon bobo hayot kechirmoqda. Harbiy qism komandiri o’rinbosari podpolkovnik Shavkat Abdurahimov boshchiligidagi harbiy xizmatchilar, maktab o’quvchilari urush qatnashchisi bilan hamsuhbat bo’lishdi. Ular tinchlikning bebaho ne’mat ekanligi, uni asrab-avaylash yanada mashaqqatli yumishligini qalban his etishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Suhbatdan so’ng, xonadonda xashar o’tkazildi. Yerlar chopilib, daraxtlar oqlandi. Mevali nihollar ekildi. Otaxon harbiylardan minnatdor bo’lib, duolar qildi.

Kapitan G’ayrat Madrahimov, Otabek Norboyev.

 

Izoh qoldiring