Markaziy harbiy okrugda hayit arafasida moddiy-texnik taʼminoti mutaxassislari kasb bayramini nishonladilar (foto)

Bugun, 10 avgust kuni Markaziy harbiy okrugida moddiy-texnik taʼminoti mutaxassislari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga bayramona dasturxon yozildi.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni qoʻshinning yuragi boʻlgan taʼminotchilar kuni keng tantana bilan nishonlanadi.

Moddiy texnik taʼminoti qismlari tarkibiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, yoqilgʻi moylash materiallari va tibbiy taʼminot hamda veterinariya kabi xizmat turlari kiradi.

Harbiy xizmatchilarga zamonaviy va sifatli turar joylar qurilishi borasida ham ushbu kasb egalari jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining moddiy-texnik taʼminot boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Sanjar Akbarov va boshqalar soʻzga chiqib, nafaqadagi hamda hozirda xizmat faoliyatini olib borayotgan kasbdoshlarini ushbu sana bilan qutladi. Shundan soʻng bir guruh harbiy xizmatchilarga harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan esdalik sovgʻalar, pul mukofoti hamda navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi. Kuy-qoʻshiqlar bayramga yanada joziba bagʻishladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, 2018/2019-yillar mobaynida mazkur sohada katta oʻzgarishlar kuzatildi. Jumladan, oziq-ovqat va ovqatlanish, kiyim-kechak yuvish ishlari autsorsing tizimiga oʻtkazilib, askarlarning toʻlaqonli jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan shugʻullanish imkoniyati yaratildi.

Yangi namunadagi harbiy libos sinovdan oʻtkazilib, tasdiqlandi. Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va viloyat harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda Jizzax, Navoiy hamda Samarqanddagi harbiy qismlar va “Forish”, “Kattaqoʻrgʻon” dala oʻquv maydonlarini infratuzilmalarini tubdan yaxshilash maqsadida bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Izoh qoldiring