Markaziy harbiy okrugda maxsus oʻquv mashgʻulotlar oʻtkazildi (foto+video)

1-3 avgust kunlari Respublika miqyosida birinchi marotaba Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshligʻi rahbarligida Kuchishlatar tuzilmalarning hamkorlikdagi amaliy oʻquv mashgʻulotlarini takomillashtirish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot oʻtkazildi. Unda Respublikamizning barcha viloyatlaridagi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.

Katta masshtabdagi oʻquv mashgʻulotlar dastlab, videoselektor tarzida oʻtkazildi. Shundan soʻng, har bir harbiy okrug kesimida Kuch tuzilmalarning hamkorlikdagi amaliy mashgʻulotlariga start berildi.

Markaziy harbiy okrugining Navoiy, Samarqand hamda Jizzax garnizonlarida “Zarba”, “Toʻlqin” hamda “Qalqon” operatsiyalari oʻtkazildi.

“Zarba” operatsiyasida DXX tezkor guruhi tomonidan qurolli shaxslar boshqaruvidagi mashina aniqlanib, Mudofaa, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tarkibidan tuzilgan yigʻma maxsus otryad hamkorligida qoʻlga olindi.

Samarqand shahridagi “Toʻlqin” va “Qalqon” operatsiyalariga Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Qahramon Achilov boshchilik qildi. Uchinchi kuchlar “targʻiboti” asosida yigʻilgan namoyishchilar qisqa fursatda tarqatildi. Samarqand shahri Ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi tomonidan “Qalqon” operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Shahar xavfsizligini taʼminlash maqsadida, blokpostlar oʻrnatildi. Shubhali koʻringan shaxslar mukammal tekshirilishi uchun Vaziyatlarni oʻrganish markaziga yuborildi.

Tadbir soʻnggida okrug qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusida hamkorlikdagi oʻquvlarni yanada takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Izoh qoldiring