Ilk bor Markaziy harbiy okrugining gazetasi chop etildi

29-iyul kuni birinchi marotaba Mudofaa vazirligiga qarashli okruglar ichida Markaziy harbiy okrugi nashri – “Sarhad” harbiy gazetasining ilk soni chop etildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.

Untitled-2

Harbiy gazetani ilk nashrida Mudofaa sohasidagi ochiqlik siyosati yaqqol koʻzga tashlanadi. Dastlab, Mudofaa vaziri, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va uning oʻrinbosarlari haqidagi biografik maʼlumotlar keltirilgan. Shu bilan birga, 8-sahifani oʻz ichiga olgan gazetada qonunchilikdagi oʻzgarishlar, Markaziy harbiy okrug hududi, tashkil topgan sana va vazifalari, Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlaridagi harbiy qismlarda oʻtkazilgan turli xil tadbirlar, bolajonlar uchun qiziqarli oʻyinlar, namunali harbiylarning hayoti haqida hikoya qilinadi.

Mazkur harbiy gazeta Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov hamda “Sarhad MCHJ” direktori – “Sarhad” gazetasi bosh muharriri Alibek Ergashev tomonidan imzolangan memorandum asosida nashrga tayyorlanyapti. Shartnomaga koʻra, tez fursatda 1500 nusxada chop etilayotgan gazeta faoliyati butunlay harbiy okrug tasarrufiga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Harbiy nashrni dastlabki soni okrug Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan materiallar asosida sahifalandi. Kelgusida gazeta ijodkorlari harbiy okrug sarhadi boʻylab sayohat qilib, qaynoq jarayon haqida rang-barang maqolalar tayyorlashni maqsad qilishgan.

– Harbiy gazetamizni oddiy fuqarolar ham oʻqib, kuzatib borishlari mumkin, – deydi okrug Matbuot xizmati boshligʻi vazifasini bajaruvchi kapitan Gʻayratjon Madrahimov. – Buning uchun gazetaga obuna boʻlishlari shart emas. Gazetani har bir sonini Markaziy harbiy okrug rasmiy sayti hamda telegramm kanaliga joylab boramiz. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, okrugdagi Matbuot xizmati boʻlimi yaqinda tashkil etilganiga qaramasdan, oldinga dadil odimlayapmiz. Agentlik, Mudofaa vazirligi hamda Markaziy harbiy okrug rahbariyati bugungiday hamisha qoʻllab turadi degan umiddaman.

 

Izoh qoldiring