Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni nafaqaga chiqqan harbiylarni taqdirlab, tantana bilan uylariga kuzatdi (foto)

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov nafaqaga chiqqan harbiylarni taqdirladi hamda ular butun shaxsiy tarkib oldida tantanali ravishda uylariga kuzatildi.

Shuningdek, tadbirda 100 ga yaqin harbiy xizmatchilarga jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikdagi yuksak natijalari uchun pul mukofoti, navbatdagi harbiy unvon, esdalik sovgʻa va diplomlar topshirildi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlari tarkibidagi jangovar tanklarni takomillashtirishda va qayta taʼmirlashda munosib hissa qoʻshgan 3 nafar harbiy xizmatchi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

2019-yil 28-iyun kunidagi Prezident qaroriga muvofiq, Markaziy harbiy okrug maxsus operatsiya kuchlarida xizmat qilayotgan shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Alisher Sherboyevga “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti topshirildi.

23 yil davomida harbiylarning salomatligini asrab-avaylashdek masʼuliyatli ishga bel bogʻlagan va bugun nafaqaga kuzatilayotgan jonkuyar harbiy tibbiyot xodimi serjant Muzaffar Mirzaahmedov va boshqalarga oʻzbekona toʻn kiydirildi. Sovgʻa-salomlar berilib, oʻzgacha tantana bilan kuzatildi.

Tadbir soʻnggida Samarqand garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri ijrosida kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Izoh qoldiring