Markaziy harbiy okrugida SCHR xizmatchilari uchun yangi harbiy qism qurilyapti (foto+video)

Markaziy harbiy okrugi tasarrufidagi Navoiy garnizonida Safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni xizmatchilari uchun yangi harbiy qism qurilmoqda. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.

Navoiy viloyati harbiy maʼmuriy sektor bilan hamkorlikda 11 ta harbiy va ijtimoiy obyektlarda qayta taʼmirlanish ishlari amalga oshirilyapti. 5 ta bino esa yangidan qad rostlamoqda. Bundan tashqari, namunali saf maydoni, madaniyat markazi, sport shaharchasi, saylgoh hamda harbiy qism atrofida devor barpo etilmoqda.

VF5A6829

Shuningdek, jangovar texnikalar harakatlanishi uchun 20 sm qalinlikdagi beton yoʻllar qurilyapti.

“Zarafshon Golden group” kompaniyasining 200 nafardan ziyod ishchi va xizmatchilari, master va ish yurituvchilar hamda 20 ga yaqin maxsus texnikalar tomonidan qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

May oyida boshlangan bunyodkorlik ishlariga 6 mlyard soʻm mablagʻ sarflangan.

Kattaqoʻrgʻon shahridagi harbiy qismda SCHR batalonida xizmatni oʻtayotgan navoiylik yoshlar uchun bugun aynan oʻzlari istiqomat qilayotgan shahar markazidagi Tinchlik mavzesida 27 oʻquv kun davomida harbiy tayyorgarlikdan oʻtishadi.

Hozirda askarlar yotoqxonasi, oʻquv binosi hamda boshqaruv shtabida qurilish ishlari yakunlangani bois, SCHR bataloni Kattaqoʻrgʻon shahridagi harbiy qismdan Navoiy viloyatiga koʻchirilgan.

Eslatib oʻtamiz, bir oylik safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining toʻlov narxlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida” gi qaroriga binoan eng kam ish haqining 20 barobari qilib belgilangan.

Izoh qoldiring