Markaziy harbiy okrugidagi harbiy qismda naqqosh askar tomonidan “Men gʻolibman” portreti va yuzga yaqin landshaftli bezaklar yaratildi (foto)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi harbiy qismda naqqosh askar tomonidan bir qator sanʼat asarlari yaratildi.

Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askar Qobiljon Mamadaliyev 1994-yilda Namangan viloyati Uychi tumanida tugʻilgan. Bolaligidan rasm chizish, naqqoshlik sanʼatiga ishtiyoqi oʻzgacha boʻlgan oʻgʻlon kollejni tamomlab, 2013-2015-yillar davomida naqqoshlik va dizayner yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha taʼlim olgan.

2015-yildan muddatli harbiy xizmatni oʻtab, shartnoma boʻyicha xizmatga qoladi. Hozirgi vaqtga qadar qoʻli gul askar “Men gʻolibman”, “Buyuk siymolar” hamda koʻplab landshaftli bezaklarni yasab, harbiy qismga oʻzgacha koʻrk qoʻshib kelmoqda.

“Men gʻolibman” nomli portreti tobora ommalashib bormoqda. Yaqinda ushbu sanʼat asari Oʻzbekistondagi birinchi raqamli “Kattaqoʻrgʻon” poligoniga ham oʻrnatildi.

“Men oʻz kasbimdan faxrlanaman, chunki bolalikdagi birdan bir orzuyim Vatan himoyachisi boʻlish edi. Sevimli kasbim va mashgʻulotim bilan shugʻullanishga imkoniyat yaratib berishmoqda. Bundan juda xursandman”, deydi harbiy xizmatchi Qobiljon Mamadaliyev.

Harbiy qismda tashkil etilgan naqqoshlik toʻgaragiga koʻplab harbiy xizmatchilar aʼzo boʻlmoqda. Hozirda ushbu harbiy qismda buyuk bobokalonimiz Amir Temur siymosi va “Temur tuzuklari” kitobi zamonaviy yondashuv asosida yaratilmoqda.

Bunday isteʼdodlik harbiylarni hamisha qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.

Izoh qoldiring