Markaziy harbiy okrugida bir yilda 100 ta harbiy chavandoz tayyorlanadi (foto)

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax viloyati mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik-mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazida bu yildan boshlab harbiy chavandozlar tayyorlanadi.

Yiliga 100 nafar harbiy chavandoz tayyorlanadigan mazkur oʻquv markazlari faoliyati Prezidentning 2018 yil 12 dekabr kunidagi PQ-4061 sonli qaroriga muvofiq, Mudofaa vazirligi tarkibida tashkil etildi.

Shuningdek, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotidagi ayrim mutaxassisliklar yaʼni aloqa, oshpaz, haydovchi yoʻnalishlarida oʻqitish 2019-yilning yanvar oyidan Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklatildi.

Hozirgi vaqtda vazirlik va markaziy harbiy okrug tomonidan oʻquv markazlarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish va tayyorlovdagi mutaxassisliklarni son va sifat darajasini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Jumladan, markaz rahbari – harbiy lavozimi ochildi. Shu bilan birga, respublika miqyosida “Eng yaxshi markaz” tanlovi oʻtkazilmoqda. Ayni damda Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markaz faoliyati, oʻquv moddiy bazasi hamda amaliy mashgʻulotlar jarayoni Qurolli Kuchlar bosh shtabiga qarashli Tashkiliy safarbarlik bosh boshqarmasi ofitserlari tomonidan tekshirilmoqda.

Respublika boʻyicha 14 ta oʻquv markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yoshlar 6 oylik oʻquv kurslarida oʻqitiladi. Ushbu markazga chaqiruvchilar tibbiy koʻrik va imtihon asosida va chaqiruv yoshida boʻlgan (18-23 yosh) fuqarolar qabul qilinadi. Haftasiga 5 kunlik oʻquv soati, harbiy kiyim-bosh, yotoqxona bilan taʼminlanib, mazkur tayyorlov kurslaridan oʻtganlar imtiyoz asosida bir yillik harbiy xizmatga (chaqiruv komissiyasini qarori asosida) yuboriladi.

Maʼlumot uchun, Mazkur oʻquv markazi alohida harbiy mutaxassisliklar boʻyicha dastlabki tayyorlov kurslari vazifasini oʻtab, kelgusida Mudofaa vazirligi, DXX chegara qoʻshinlari hamda Milliy gvardiya qoʻmondonligi tarkibidagi harbiy kadrlarni butlash maqsadida tashkil etilgan.

Markaziy harbiy okrug Matbuot xizmati

Izoh qoldiring