Markaziy harbiy okrugda jangovar texnikalarni yuklash va tushirish uchun maxsus temir yoʻl inshooti qurildi (foto+video)

Kecha, 9 iyul kuni Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax viloyati “Forish” togʻ poligoni yaqinida navbatdagi Xalqaro armiya oʻyinlariga va Mudofaa vazirligi miqyosidagi ayrim musobaqalarga jangovar texnikalarni tashish uchun maxsus dala temir yoʻl inshooti foydalanishga topshirildi. Unda Markaziy harbiy okrug qo’mondonligi va Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, davlat va jamoat vakillari ishtirok etdi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan hamkorlikda Chimqoʻrgʻonda qurilgan maxsus dala temir yoʻl stansiyasidagi qoʻriqlov vagonlariga jangovar xizmatni olib borish uchun bir qator qulayliklar yaratilgan. Qish-yoz mavsumdagi konditsioner oʻrnatilib, yuvinish hamda dam olish, kuzatuv postlari eng soʻnggi rusumdagi anjomlar bilan jihozlangan.

Harbiy texnikalar bilan harakatlanayotgan poyezd okrug qoʻmondonligi tomonidan onlayn tarzda kuzatilib boriladi.

Eskisidan farqli ravishda okrugda birinchi boʻlib, qisqa muddatda platformani yon tomonidan harbiy texnikalarni ortish ishlari amalga oshiriladi. Chiqish maydoni esa betondan qilinishi (avval temirdan foydalanilgan) ogʻir texnikalarni sirpanib, tushib ketishini oldini oladi.

Tantanali tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov qurilish ishlarida yaqindan yordam bergan barcha xodimlar va harbiy xizmatchilarga esdalik sovgʻalar va faxriy yorliqlar topshirdi.

Hozirda Qurolli Kuchlarda qurol-aslaha va jangovar texnikalarni tashish ishlari temir yoʻl, havo hamda avtomobil transport vositalari orqali amalga oshiriladi.

Maʼlumot oʻrnida, hozirgi vaqtda ushbu namunaviy maxsus temir yoʻl inshootlari Qarshi shahridagi “Muborak” dala oʻquv maydonida hamda Nukus garnizonida qurilmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring