Markaziy harbiy okrugda inspektorlik tekshiruvi boshlandi(foto)

Bugun, 25-iyun erta tong soat 02:00 da Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi boshqaruv apparati hamda unga qarashli Samarqand va Jizzax garnizonidagi harbiy qismga toʻsatdan trevoga signali berildi.

Mudofaa vazirining oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi rahbarligidagi inspeksiya tekshiruvida dastlab boʻlinmalarning jangovar shayligi koʻrikdan oʻtkazildi. Jangovar trevoga signaliga asosan boʻlinmalar shaxsiy tarkibi belgilangan vaqt oraligʻida shay holatga keltirildi.

Keyingi bosqichda okrug boshqaruv apparati va harbiy qism shaxsiy tarkibi qariyb 200 km masofaga, yaʼni Kattaqoʻrgʻon dala-oʻquv maydoni tomon marsh yurishdi. Mazkur harakat davomida 600 ga yaqin harbiy va jangovar texnikalar qatnashdi.

Belgilangan masofaga yetib kelgan harbiy xizmatchilar tomonidan dala-oʻquv maydonida joylashuv va niqoblash ishlari amalga oshirildi. Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari tomonidan yurt himoyachilarining har bir harakati jiddiy sinovdan oʻtkazilmoqda.

Barcha shaxsiy tarkibning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligi sinovdan oʻtkazilgach harbiy qismga munosib baho beriladi.

Eslatib oʻtamiz, Markaziy harbiy okrugda oʻtkazilayotgan inspeksiya tekshiruvi 28 iyunga qadar davom etadi.

Izoh qoldiring